Sarkozi Isroil Bosh vaziri Netanyaxuni yolg‘onchi deb atadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Frantsiyaning Kann shahridagi yirik 20 lik sammitini yoritayotgan jurnalistlar qulog‘iga Prezident Nikolya Sarkozi bilan AQSh Prezidenti Barak Obama suhbati chalinib qolgan, unda janob Sarkozi Isroil Bosh vaziri Benjamin Netanyaxuni yolg‘onchi deb atagan.

"Men boshqa uning oldida tura olmayman. U yolg‘onchi", deb aytgan Prezident Sarkozi frantsuz tilida.

"Balki u sizning joningizga tekkandir. Biroq men har kuni u bilan ish qilishga majburman", deya javob qaytargan janob Obama.

O‘tgan haftadagi Kann sammitida bo‘lib o‘tgan ushbu suhbatni Frantsiyadagi Arret sur Images veb-sayti e‘lon qilgan, mamlakatdagi boshqa ommaviy axborot vositalari ham bunday suhbat bo‘lib o‘tganini tasdiqlaganlar.

BBCning Parijdagi muxbiri Krischian Freyzerning xabar qilishicha, o‘zaro cuhbat paytida aytilgan bu so‘zlarni bir necha jurnalist eshitgan.

Qo‘shma matbuot anjumani chog‘i jurnalistlarga tarjima jihozlari tarqatilgan, biroq ularga eshitish quloqchinlarini ulamaslik maslahati berilgan.

Maslahatga amal qilmagan jurnalistlarning qulog‘iga esa matbuotda e‘lon qilinishi odobdan deb ko‘rilmaydigan bu suhbat chalingan.

Frantsiya ommaviy axborot vositalari bu haqda bir necha kun mobaynida sukut saqladilar, boisi frantsuz jurnalistlari o‘zlarining prezidentini noqulay ahvolga qo‘yishni istamaganlar, deydi BBC muxbiri.

Le Monde ro‘znomasi shunday suhbat bo‘lib o‘tgani haqida xabar tarqatgan, biroq ikki mamlakat rahbaridan iqtibos keltirmagan.

Ammo Isroilda nashr etiladigan ro‘znomalar hech narsani yashirmaslikka qaror qilganlar va ikki rahbar so‘zlarini to‘la e‘lon etganlar.

Suhbatda AQSh Prezidenti Barak Obama Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkoziga UNESCO masalasida tanbeh bergan.

Oldinroq BMTning madaniy tashkiloti UNESCOga Falastin a‘zo mamlakat etib qabul qilindi, bunga esa AQSh qarshi chiqdi.

Janob Obama Frantsiya Falastinni UNESCOga qabul qilish qarorini qo‘llab-quvvatlaganidan norozi bo‘lgan.

BBC muxbiriga ko‘ra, Kanndagi bu suhbat jahon rahbarlarining Benjamin Netanyaxuga ishonchlari qolmaganini namoyish etadi, buning esa Yaqin Sharq tinchlik jarayoniga ta‘siri katta bo‘lishi mumkin.