Human Rights Watch: Xitoy "g‘oyib bo‘lish2 hollarini qonuniylashtirmoqchi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Ay Veyveyning himoyachi va yo oilasi bilan ko‘rishtirilmay maxfiy hibsxonada saqlangani xalqaro e‘tiborga sabab bo‘lgandi

Human Rights Watch Xitoy hukumati mamlakatda odamlarning bedarak yo‘qolishi muammosiga barham bera olmayotgani va aksincha, ushbu amalni qonuniylashtirishga urinayotganini aytgan.

Qator dissidentlar va faollarning g‘oyib bo‘lish hollari bilan birga maxfiy qamoqxonalarga tashlanayotganlar soni o‘sgan.

Taniqli faol va rassom Ay Veyvey himoyachi va yo oilasi bilan ko‘rishtirilmay maxfiy hibsxonada saqlangani xalqaro e‘tiborga sabab bo‘lgandi.

U 80 kundan so‘ng hibsdan qo‘yib yuborilgan, biroq odamlarning xuddi shunday g‘oyib bo‘lish hollari ko‘payayotgani qayd etiladi.

Human Rights Watchga ko‘ra, Xitoyda Jinoyat-protsessual qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishga oid yangi takliflar bu kabi hibs amallarini qonuniylashtirishga xizmat qilishi ehtimoli bor. Bir necha oy asnosida ma‘qullanishi ehtimoli bo‘lgan ushbu o‘zgartirishlar odamlarni bir yilgacha maxfiy ushlab turishga izn berishi mumkin.

Tashkilotning Xitoy bo‘yicha direktori Sofi Richardsonga ko‘ra, bedarak yo‘qolgan faollarning qiynoqqa solinish xavfi katta.

Ayniqsa, odatiy qamoqxonalar va politsiya idoralarida emas, maxfiy hibsxonalarda saqlanadiganlar ko‘proq qiynoqqa yuz tutishlari mumkin.

Odamlar tilida "qora hibsxonalar" deyiladigan maxfiy qamoqxonalar mavjudligi rasman tan olinmaydi.

Richardson xonimga ko‘ra, hukumat mazkur muammo borligini rad etishni ma‘qul ko‘radi.

Sofi Richardson xalqaro hamjamiyatni Xitoy hukumatiga yetarlicha bosim qo‘ymayotganlikda ayblaydi va qonun o‘zgartirishlariga oid takliflar yuzasidan ogohlantiradi.