Xitoy tinchlik mukofotining Putinga berilishi tushunmovchiliklarga sabab bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption Xitoy mukofot qo‘mitasi Putinni Chechenistondagi "temir qo‘li" uchun olqishlagan

Xitoyning tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga muqobili bo‘lgan Konfutsiy tinchlik mukofoti ta‘sischilari rasmiy Pekinning qarshiligiga qaramay, Vladimir Putinni taqdirlash fikrida qat‘iy ekanliklarini aytishgan.

Xitoy Madaniyat vazirligi mukofot bu yil hech kimga berilmasligini ma‘lum qilgan va tashkiliy qo‘mitani tarqatib yuborgan.

Ammo qo‘mita a‘zosi, shoir Tsao Damo o‘zining yangi hakamlar hay‘atini tashkil etganini aytib, taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tishini aytgan.

U janob Putin Natoning Liviyani bombalashiga qarshilik qilgani uchun tinchlik mukofotiga loyiq ko‘rilganini aytgan.

"Bu yilgi tinchlik mukofoti Putinga dunyo tinchligiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun berildi",- deb aytgan xitoylik shoir.

Yangi hay‘at nomidan e‘lon qilingan bayonotda Vladimir Putinning 1999 yilda Chechechenistonda yangi urush harakatlarini boshlash qarori ham tilga olingan.

"Uning bu urushda namoyon bo‘lgan temir qo‘li va qat‘iyati rossiyaliklarni ta‘sirlantirdi va u Rossiyaga xavfsizlik va barqarorlik olib kelishga qodir shaxs sifatida ko‘rildi", deyiladi bayonotda.

Rossiya bosh vazirining mukofotdan xabari bormi, yo‘qligi noma‘lum.

Taqdirlash marosimidagi chalkashlik

Konfutsiy tinchlik mukofoti o‘tgan yili, aftidan, Xitoy hukumatining rasmiy qo‘llab-quvvatlovi bilan ta‘sis etilgan.

Mukofotning ta‘sis etilishi xitoylik taniqli dissident Lyu Syaoboga Nobel tinchlik mukofoti berilgan vaqta to‘g‘ri kelgan.

Nobel qo‘mitasining 2008 yildan buyon qamoqda o‘tirgan dissidentni mukofotlash qarori Pekining g‘azabiga sabab bo‘lgan.

O‘tgan yilgi Konfutsiy tinchlik mukofoti tayvanlik siyosatchi Lyyen Changa berilgan.

Ammo uning o‘zi mukofotlanganidan xabardor qilinganmi, yo‘qmi, noma‘lum va taqdirlash marosimiga kelmagan.

Uning o‘rniga mukofotni yosh qizcha olgan, ammo tashkilotchilar bu qizning kimligi va nima uchun tanlanganini aytishdan bosh tortganlar.

Sentyabr oyida Xitoy Madaniyat vazirligi bu yil mukofot berilmasligini e‘lon qilgan edi.

Ammo janob Tsao Xong-Kongda Xitoy xalqaro tinchlik tadqiqotlari markazini tashkil etgan.

Uning aytishicha, tashkilot Xitoy hukumatidan mustaqil san‘at namoyandalari va ziyolilarni o‘z ichiga oladi.

U taqdirlash marosimi 9 dekabrda, ya‘ni Nobel mukofoti topshirilishidan bir kun avval bo‘lib o‘tishini aytgan.

"Mening nazarimda Nobel tinchlik mukofoti tinchlikdan juda uzoqlashib ketdi, ularning andozalari tinchlikning mohiyatidan juda uzoq", - deb aytgan janob Tsao.

Uning fikricha, "g‘arb qadriyatlari mukammal emas va ularni muvozanatlashga ehtiyoj bor".