Italiyaning Benetton shirkati pop va imom, Obama va Xu Jintaoni nega o‘pishtirdi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

Vatikanning keskin qarshiligi ortidan Italiyaning "Benetton" kiyim-kechak shirkati Rim Papasi Benedikt XVI va musulmonlarning nufuzli "Al-Azhar" masjidi imomi Ahmad al-Toyib o‘pishib turgan reklamasidan bekor majbur bo‘ldi.

Ayon bo‘lishicha, ikki din peshvosini og‘iz-burun o‘pishtirgan ushbu reklama global tashviqot kampaniyasining bir qismi bo‘lgan.

Rim Papasi va Misr imomidan tashqari, shirkat o‘z reklamalarida dunyoning yetakchi siyosiy rahbarlarini ham bir-birlariga bo‘sa hadya etdirgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama Xitoy Prezidenti Xu Jintao, Frantsiya Prezidenti Nikolas Sarkozi Olmoniya kantsleri Angela Merkel bilan o‘pishib turgan tasvirlar shular jumlasidandir.

Aqlni shoshiruvchi reklamalar

Vatikan voizi Federiko Lomabardining bayon qilishicha, "Ilohiy Ota aksining tujjoriy maqsadlarni ko‘zlagan reklamalarda suiiste‘mol etilishi umuman toqat qilib bo‘lmaydigan holdir".

"Bu - Rim Papasiga o‘ta hurmatsizlik, ibodatchilarning his-tuyg‘ularini tahqirlash, reklamalarning qutquga solish yo‘li bilan e‘tiborni tortib, insonga ko‘rsatilishi lozim bo‘lgan eng oddiy hurmatni qanchalik oyoq-osti qilishining yaqqol misolidir", deyiladi ularning bayonotida.

Janob Lomabardiga ko‘ra, hozir Vatikan "Ilohiy Ota tasviriga lozim darajada hurmat ko‘rsatilishini ta‘minlash choralari ustida bosh qotirmoqda".

Rim Papasi va "Al-Azhar" imomi o‘pishib turgan reklama taxtasi shu chorshanba kuni tongda Vatikan yaqinida o‘rnatilgan, ammo so‘ngroq olib tashlangandi.

"Biz papa va imomning bu tariqa aks etdirilgan tasvirlari kimningdir dilini og‘ritgan bo‘lsa, buning uchun uzr so‘raymiz", deb Vatikan o‘zlari uchun kechirim so‘rashni ham unutmagan.

Ammo "Benetton" shirkatining iddao qilishicha, maqsadlari faqatgina "shu yo‘l bilan barcha ko‘rinishdagi adovat hollariga barham berish bo‘lgan".

Ayni o‘rinda shuni ham ta‘kidlab o‘tish joizki, bu - Italiya shirkatining o‘z reklamalari bilan ilk bor kishilarning hushlarini boshlaridan uchirishi emas.

Bundan oldin "Benetton" o‘z kiyim-kechaklarini reklama qilish uchun g‘ijjillashib turgan mahbuslar, ruhoniysini o‘payotgan rohiba va OITS xastaligidan jon berayotgan erkak qiyofalaridan ham foydalangan.