Misrda politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar davom etmoqda

Image caption Politsiya namoyishchilarga qarata o‘t ochganini rad etmoqda

Misr Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, so‘nggi ikki kunda namoyishchilar va politsiya o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda 22 kishi halok bo‘lgan.

Qohiraning Tahrir maydonida boshlangan to‘qnashuvlar boshqa shaharlarga ham yoyilgan.

Dushanba kuni maydonni tozalash harakatlari davom etarkan, namoyishchilarga qarata ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz ishlatilgani xabar qilingan.

Tartibsizliklar kelasi hafta boshlanishi kutilayotgan saylovlarga soya soladi.

Bu Prezident Muborak shu yil fevralida hokimiyatdan ag‘darilganidan buyon eng yirik norozilik chiqishidir.

Namoyishchilar Misrning qudratdagi Qurolli Kuchlar Kengashi o‘z hokimiyatini mustahkamlashga harakat qilayotganidan xavotirdalar.

Feldmarshal Muhammad Tantoviy boshchiligidagi Kengash janob Muborakning 30 yillik boshqaruvidan so‘nggi demokratiyaga o‘tish davrida mamlakat boshqaruvini o‘z qo‘liga olgan.

Dam olish kunlaridagi namoyishlar chog‘ida Kengash iste‘fosi talab qilingan chaqiriqlarni ham eshitish mumkin edi.

Ko‘cha janglari

Yakshanba kuni namoyishchilar zirhli mashinalar va politsiyaga qarata toshlar hamda yonilg‘i solingan shishalarni otishgan.

Xavfsizlik kuchlari esa ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va rezina o‘qlar bilan javob qaytarganlar.

Guvohlarning aytishlaricha, yuzlab askarlar va politsiya kuchlari namoyishchilarni Tahrir maydonidan quvib chiqarishga urinarkan, ularning boshlariga rezina tayoqlar bilan urgan.

Yaradorlar ko‘chalardagi qo‘lbola klinikalar va maydon atrofidagi masjidlarga joylashtirilgan.

Namoyishchilar xavfsizlik kuchlarini o‘zlariga qarshi janovar o‘q ishlatganlikda ham ayblashgan, ammo politsiya bu da‘volarni rad etmoqda.

Davlat televideniyesi politsiya bilan Tahrir maydonining asosiy Umar Makram masjidi imomi o‘rtasida zo‘ravonliklarni to‘xtatishga kelishilgani haqida xabar bergan.

Shayh Mazhar Shohinning aytishicha, namoyishchilarga maydon ichkarisida tinch namoyishlarni davom ettirishga ruxsat berilgan.

Ammo o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi kelishuv maydondan tashqaridagi, Ichki ishlar vazirligiga olib boruvchi ko‘chalarda amal qilmaydi.

Politsiya va namoyishchilar o‘rtasidagi janglarning katta qismi ana shu ko‘chalarda bo‘lgan.

Zo‘ravonliklar boshqa shaharlar, jumladan, Iskandariya, Suvaysh va Asvanda ham yuz bergan.

Sog‘liqni saqlash mulozimlarining bildirishlaricha, kamida 900 kishi yaralangan, ularning 40 nafari xavfsizlik kuchlaridir.

Yangi konstitutsiya

Misr hukumati tarqatgan bayonotda kelasi haftaga mo‘ljallangan saylovlar bo‘lib o‘tishi aytiladi.

Bayonotda shuningdek, Ichki ishlar kuchlarining tartibsizliklar chog‘idagi "bosiqligi" olqishlangan.

Televideniye orqali o‘qib eshittirilgan bayonotda harbiy kengash bo‘layotgan voqealardan "taassuf" izhor qilgan.

Shu oy boshlarida harbiy kengash yangi konstitutsiyaning asosiy tamoyillari bayon etilgan loyihani ishlab chiqqan edi.

Unga muvofiq, qurolli kuchlar va ularning byudjeti fuqaro ma‘muriyati tomonidan nazorat qilinmaydi.

Harbiylarning 2012 yil oxiri yoki 2013 yil boshlariga qadar mamlakatda prezidentlik saylovini o‘tkazmaslik taklifi muxolifatning yanada ko‘proq noroziligiga sabab bo‘lgan.

Oxirgi haftalarda asosan islomiylar hamda yosh faollardan iborat namoyishchilar konstitutsiya loyihasiga qarshi norozilik chiqishlarini o‘tkazib kelishayotgan edi.

Ularga ko‘ra, loyiha yangi fuqaro hukumati saylanganidan keyin harbiylarga juda katta hokimiyat beradi.

Namoyishchilar prezidentlik saylovlarining parlament saylovlari ortidan o‘tkazilishini talab qilishmoqda.