Turkiya Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo bo‘lish istagidan voz kechmagan

Image caption Prezident Gulning ayoli Hayrunniso xonim ro‘mol o‘ragani uchun universitetga kirolmagan

Turkiya Prezidenti Abdulloh Gul yevro hududidagi inqirozga qaramay, Turkiya OIga a‘zo bo‘lish istagida ekanini aytgan.

Britaniyaga uch kunlik tashrifi arafasida Sunday Telegraph ro‘znomasiga gapirgan janob Gulga ko‘ra, Turkiyaning a‘zoligi Ovro‘po Ittifoqini kuchlantiradi.

"Ba‘zi tor fikrli va strategik istiqbolni ko‘ra olmaydigan kimsalar Turkiyani Ovro‘po Ittifoqining gardaniga tushadigan yuk, deb ko‘radilar", degan janob Gul.

Uning fikricha, Turkiya, aksincha, Ovro‘poning "o‘sish quvvati" bo‘lishi mumkin

Britaniya Turkiyaning OIga rasmiy nomzodligini qo‘llab-quvvatlagan.

A‘zolik yuzasidan muzokaralar 2005 yilda boshlangan.

Islomiy ildizlar

A‘zo bo‘lib kirgani taqdirda Turkiya OI tarkibidagi birinchi yirik musulmon davlati bo‘ladi.

Turkiya g‘arb va yaqin sharqning musulmon davlatlari o‘rtasidagi muhim ko‘prik sifatida ko‘riladi.

U yillik 6.6 foizlik o‘sish bilan dunyodagi iqtisodi shiddat bilan rivojlanayotgan davlatlar orasida.

Ammo shunga qaramay, Ovro‘poda Turkiyaning OIga a‘zo bo‘lishiga qarshilik kuchli.

Turkiyaning a‘zoligi yo‘lidagi eng katta to‘siqlardan biri Qibrisdagi vaziyatdir.

1974 yilda turk qo‘shinlari Qibrisning turk aholisini himoya qilish uchun bostirib kirganidan buyon orol ikkiga bo‘lingan.

Qibrisni birlashtirish harakatlari hozirga qadar natijasiz tugagan.

Janob Gulga Britaniyaga safari chog‘ida uning turmush o‘rtog‘i Hayrunniso hamrohlik qiladi.

Prezident ayolining ro‘mol o‘rashi Turkiyaning o‘zida katta siyosiy janjalga sabab bo‘lgan.

Hayrunniso xonim bir muddat davlat marosimlaridan chetda turgan.

Abdulloh Gul Turkiyaning iqtidordagi islomiy ildizlarga ega Adolat va Taraqqiyot partiyasining asos solgan siyosatchilardan biridir.