Tush ko‘rish "og‘riqli xotiralarni unutishga yordam beradi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Olimlar inson miyasi uxlayotgan paytda noxush va yo og‘riqli hodisalar bilan bog‘liq xotiralarni qanday hazm qilishiga oydinlik kiritish uchun yangi tadqiqotlar o‘tkazishgan.

Kaliforniya universiteti hay‘ati ko‘ngillarga hayajonlantiradigan tasvirlarni ko‘rsatishgan. Tadqiqot ishtirokchilarining bir qismi uxlab turgach, tasvirlar yana bir bor namoyish etilgan.

Uyqu jarayonida o‘tkazilgan tadqiqotlar paytida miyaning hayajonga bog‘liq qismi kamroq faol bo‘lgan, miyaning mantiqiy fikrlovchi qismida esa, anchayin faollik kuzatilgan.

"Hozirgi biologiya" jurnalida chop etilgan tadqiqot tushlar va xotira o‘rtasidagi bog‘liqlikni namoyish etadi.

Aksar odamlar o‘z hayotlarining ma‘lum bir qismida og‘riqli hodisalarni boshlaridan kechiradilar. Bunday hodisalar ayrimlarning ruhiyatiga qattiq ta‘sir qiladi va ta‘sir uzoq vaqtgacha ularni bezovta qilishi mumkin.

Uyqu eng yaxshi da‘vomi?

Uyqumizning 20 foizida ko‘radigan tushlarimiz yaqin oradagi xotiralarimiz bilan bog‘liqligiga oid ko‘pgina dalillar bor.

Tadqiqotchilar ayni jarayonni yaxshiroq anglash bilan bir kun og‘riqli voqealardan qattiq ta‘sirlanish tufayli xastalikka chalinganlarga yordam berishi mumkinligiga ishonadilar.

Olimlar yangi tadqiqot uchun 35 nafar ko‘ngillini yollashgan va ularni ikki guruhga ajratganlar.

Ularga atayin ruhni junbushga keltirishga mo‘ljallangan 150ta tasvir ko‘rsatilgan. Keyin ko‘ngillilarning yarmi tun bo‘yi yaxshi dam olishlariga izn berilgan.

Miya ichkarisida qonning qaysi qismga qanday oqayotganini tekshirish uning qaysi qismi faol ishlayotganini aniqlash uchun yaxshi usul.

Ko‘ngillilarga tasvirlar ikkinchi marta ham ko‘rsatilgan.

Tekshiruvlar natijasida yaxshi uxlab turganlarning miyalaridagi hayajon bilan bog‘liq nuqta sust ishlagani aniqlangan. Faollik miyaning mantiqiy fikrlash bilan bog‘liq qismda ko‘proq bo‘lgan.

Uxlamaganlar ta‘sirli tasvirlarni ikkinchi bor ko‘rganlarida ko‘proq hayajonga tushganlar.

Olimlar uyqu payti miyada kimyoviy o‘zgarishlar bo‘lishiga ishonadilar.

Tadqiqotlarga yetakchilik qilgan Doktor Mattyu Volkerning aytishicha, normal uyqu jarayonida miyada asabiylashuv bilan bog‘liq kimyoviy modda ishlab chiqarish keskin kamayar ekan va buning ortidan uyg‘ongan odamdagi ruhiy notinchlik sokinlashadi.

"Biz o‘zimizni yaxshiroq his qilamiz va ularni yenga olamiz, deb ishonamiz", deydi u.

Yana bir ruhshunos Roderik Ornerga ko‘ra, uyqu og‘riqli xotiralarni unutishga muhim rol o‘ynashiga ishonilsa-da, ko‘rinishidan, ayni ruhiy og‘riqlar tufayli aziyat chekuvchilarga yordam berish uchun hali boshqa ko‘plab omillar ustida ish olib borilishi kerak.

"Ruhlari qattiq shikast olgan bemorlarga buni birgina uyqu bilan o‘tkazib yuborish mushkul. Ayniqsa, fojeali hodisa insonning kundalik hayotiga sezilarli ta‘sir ko‘rsatgan bo‘lsa", deydi ruhshunos Roderik Orner.