Misr: Harbiylik noroziliklar paytidagi o‘lim hollari uchun uzr so‘radi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Misrning iqtidordagi harbiy hukumati Qohira va boshqa shaharlarda davom etayotgan noroziliklar payti politsiya bilan to‘qnashuvlarda nobud bo‘lgan odamlar uchun uzr so‘ragan.

Norozilik namoyishlarini bostirish jarayonida 35 nafarcha inson hayotdan ko‘z yumgani aytiladi.

Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi "Misrning sodiq o‘g‘illari orasidagi shahidlar" uchun afsusda ekanini bildirgan.

Fevral oyida Husni Muborak qudratdan ag‘darilganidan buyongi eng yomon tus olgan zo‘ravonliklar o‘tgan shanba kunidan boshlanib ketgandi.

Shuningdek, Qurolli Kuchlar Oliy Kengashi parlament saylovlari rejaga muvofiq dushanba kuni bo‘lib o‘tishini ma‘lum qilgan. Buni harbiy kengash a‘zosi Muxtor al-Muallah payshanba kungi chiqishida e‘lon qilgan.

Saylovlar kechiktirilishi mumkinligi borasida gap-so‘zlar tarqalgandi. Misr prezidentlik saylovlari kelasi yil iyun oyida bo‘lib o‘tadi.

Muxtor al-Muallah o‘lganlar va yaralanganlar uchun mas‘ullar javobgarlikka tortilishi va shanba kunidan beri qo‘lga olinganlar zudlik bilan qo‘yib yuborilishini ham aytgan.

General Muallahga ko‘ra, nobud bo‘lganlarning oilalariga tavon puli to‘lanadi.

"Afsus"

Chorshanba kuni kechda Qurolli Kuchlar Oliy Kengashining ikki a‘zosi davlat televizionida paydo bo‘lib, "butun Misr xalqiga hamdardlik" izhor qilgan.

Ulardan biri General-mayor Muhammad al-Assar "bzaga kelgan fojea uchun butunboshli qurolli kuchlar nomidan afsus va uzr"larini bildirgan.

"Yuz bergan hodisadan yuragimiz qon bo‘ldi. Umid qilamizki, bu inqiroz yakun topadi va Xudo xohlasa, boshqa takrorlanmaydi", deya qo‘shimcha qilgan Misr generali.

Ayni paytda u misrliklarga murojaat qilarkan, o‘z boshqaruvlarini Muborak janoblariniki bilan qiyoslamaslikka undagan. Assar janoblariga ko‘ra, ular qudratga yopishib olmoqchi emaslar.

BBCning Qohiradagi muxbiri Jeremi Bovenning aytishicha, bo‘lg‘usi parlament saylovlari borasida ommaning fikri ikkiga bo‘lingan.

Ayrim misrliklar saylovni to‘sqinliklarsiz o‘tkazishni ma‘qul ko‘rsa, boshqalar avval harbiylik qudratdan ketishi kerak deya ishonadi.

Asosiy muxolif guruh - Musulmon Birodarlari norozilik namoyishlarini dastaklayotgani yo‘q va saylovlarda yaxshi natijalarga erishishi kutiladi.

Chorshanba kuni tun bo‘yi ko‘cha janglari davom etgan. Eng qaqshatqich to‘qnashuvlar Qohiradagi Tahrir maydoni yaqinidagi qattiq qo‘riqlanayotgan Ichki ishlar vazirligi atrofida ro‘y bergan.

Iskandariyadagi namoyishlar Qohiradagi bilan solishtirganda kichikroq kechgan. Guvohlardan biri payshanba kuni ertalab ham xavfsizlik xizmati atrofida noqarorliklar davom etgani xabar qilgan.