Amerika generali: "2014 yildan keyin ham Toliblar sahnada qoladi"

Фото муаллифлик ҳуқуқи none
Image caption General Martin Dempmeyga ko‘ra, Toliblarni hech qachon yo‘q qilib bo‘lmaydi, ular Afg‘onistonning bir parchasi va ular bilan shug‘ullanish kerak.

O‘tgan hafta oxirida NATO havo hujumi oqibatida kamida 24 nafar Pokiston harbiylarining halok etilishi ortidan AQSh va Pokiston o‘rtasidagi aloqalar o‘ta sovuqlashdi.

Amerika munosabatlarni qaytadan yaxshilash mumkinligini aytadi. Ammo Pokiston Bosh vazirining aytishicha, aloqalar endi avvaligiday bo‘lmaydi.

Qo‘shma Shtatlar Afg‘onistondagi Tolibonga qarshi urushda Pokiston ko‘magi va hamkorligiga tayanadi.

Lekin havo hujumidan g‘azabga kelgan Islomobod Afg‘onistonga harbiy ta‘minot yo‘lini berkitib qo‘ydi. Va bu holat birinchi marotaba ro‘y berayotgani yo‘q.

BBC Amerika Qurolli Kuchlari Bosh Shtabi boshlig‘i, general Martin Dempseyni suhbatga tortib, Pokiston orqali o‘tuvchi ta‘minot yo‘lisiz AQShning Afg‘onistondagi harbiy missiyasi qancha bardosh bera oladi, deb so‘radi.

Martin Dempsey: Bu, birgina o‘z yaqinlarini yo‘qotgan 24 pokistonlik askar oilasi uchun emas, barchamiz uchun bir fojea. Hodisa haqida xabardor bo‘lishim bilanoq, men telefonni olib, eng avvalo 20 yildan buyon taniydigan inson, Pokiston Qurolli Kuchlari Bosh Qo‘mondoni general Kayoniyga bog‘lanishga qaror qildim. Bu hodisa munosabatlarimizni juda ham qiyinlashtiradi albatta, lekin biz Afg‘onistondagi say-harakatlarimizni davom ettirish yo‘lini topamiz. Agar, hatto, Pokiston bizning ta‘minot yo‘limizni berkitib qo‘yish qarorini olgan bo‘lsa ham...

BBC: Siz aytganday, 24 pokistonlik askar hayotiga zomin bo‘lgan bu hodisa e‘tiborsizlik oqibatimi yoki hurmatsizlik?

Martin Dempsey: Hurmatsizlik, ishonchsizlik va e‘tiborsizlik - bu so‘zlarni sinonim deb aytsangiz ham bo‘ladi. Qarang, siz Afg‘onistonda bo‘lgansiz va o‘sha balandliklardan oshib o‘tgansiz, to‘g‘rimi?! Siz bilasizki, garchand biz harbiylar istalgan natijaga aniq erisha olishni bilsak ham, bu - baribir jang maydoni. Urushda kelishmovchiliklar, bo‘linishlar va chigalliklar bo‘ladi. Men Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegarada joylashgan Mohmand viloyati balandliklarida nima bo‘lganini aniq bilmayman, lekin buni biz albatta aniqlaymiz.

BBC: Afg‘onistondagi vaziyatga kengroq qaralsa, 2014 yil oxiriga qadar urushni tugatish qarori taktik nuqtai nazardan noto‘g‘ri edi, deb o‘ylaysizmi?

Martin Dempsey: Bu xavfni kuchaytirdi. Ammo, urushda ma‘lum bir muddat belgilasang, dushmanni kuchlantirib yuborishing mumkin, degan qarash borligini yaxshi bilasiz. Lekin men shaxsiy harbiy tarbiyamdan kelib chiqib ayta olamanki, agar bir maqsadga erishish uchun ma‘lum vaqtni belgilab, birgalikda, hatoga yo‘l qo‘ymasdan, kuchni bir joyga jamlab harakat qilinsa, Lissabonda e‘lon qilingan rejani amalga oshira olamiz.

BBC: 2014 yil oxirigacha Tolibonni mag‘lub qilib bo‘lmasa kerak, shunday emasmi?

Martin Dempsey: Men, ularni mag‘lub qilsa bo‘ladi, deb o‘ylayman. Harbiy nuqtai nazardan "Mag‘lubiyat" so‘zi dushmanni o‘z irodangga bo‘ysundurishni anglatadi. Bu yerda biz saylangan, konstitutsiyaviy Afg‘oniston hukumati haqida gapirayapmiz. Toliblarni hech qachon yo‘q qilib bo‘lmaydi. Tolibon Afg‘onistonning bir parchasi va ular bilan shug‘ullanish kerak.

BBC: Ya‘ni, 2014 yildan keyin ham Tolibon mavjud bo‘ladi, to‘g‘rimi?

Martin Dempsey: Ha albatta. Ammo, yarashish mumkin bo‘lgan Toliblar bilan yarashish mumkin, yarashib bo‘lmaydiganlari Afg‘oniston davlati dushmani bo‘lib qolaverishadi. Biz esa bu muammoni hal etishda afg‘onlarni qo‘llab quvvatlashda davom etamiz.