Checheniston rahbari Ramzan Qodirov "Terek" prezidentligini topshirdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи 1

Checheniston hukumatining rasmiy veb sahifasida xabar berilishicha, Ramzan Qodirov o‘z xohishi bilan "Terek" futbol klubi prezidentligi vazifasidan ketgan.

O‘z iste‘fosini sharhlarkan, janob Qodirov buni "ishi boshidan oshib yotgani" bilan izohlagan.

Uning aytishicha, muntazam ravishda klubning ichki siyosati bilan shug‘ullanishga vaqti yo‘qdir.

Ammo, Checheniston prezidentining aytishicha, o‘zining prezidentlikdan ketishi "Terek"ning moliyaviy ta‘minotiga zarracha ta‘sir qilmaydi.

Xabarlarga ko‘ra, endi klubga Checheniston Bosh vazirining birinchi muovini Magomed Daudov prezidentlik qiladi.

Janob Daudov o‘ziga bildirilgan bu kabi ishonch uchun minnatdorchiligini izhor etgan.

U, "Yangi futbol mavsumiga puxta tayyorlanib, yaxshi natijalarga erishish uchun qo‘llaridan kelgancha harakat qilishga" va‘da bergan.

Ramzan Qodirov "Terek"ka 2004 yildan buyon rahbarlik qilib kelayotgandi.

Janob Qodirov prezident bo‘lgach, klub o‘z tarixida ilk marotaba Rossiya Oliy ligasiga chiqqandi.

2004/2005 yilgi futbol mavsumida esa, UYEFA Kubogi uchun musobaqalarda ishtirok etgandi.

"Terek" prezident Qodirov rahbarligi ostida 2008 yilda Rossiya Oliy ligasida yuqori o‘nlikka kirib, mavsumni 8-o‘rin bilan yakunlagandi.

Bu yilgi futbol mavsumida esa, 11 - o‘rin bilan kifoyalangan.