Sobiq Sho‘rolar Ittifoqi rahbari Iosif Stalinning qizi qazo qildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

AQShning Viskonsin shtatidan olingan xabarlarga ko‘ra, Svetlana Alliluyeva o‘tgan hafta 85 yoshida hayotdan ko‘z yumgan.

Avvalroq uning yo‘g‘on ichak saratoni bilan og‘rigani xabar berilgandi.

Ayon bo‘lishicha, sobiq Sho‘rolar liderining AQShda Lana Piters nomi bilan yashab kelgan qizi Qariyalar uyida jon taslim qilgan.

Uning o‘limiga oid xabarlar matbuotda ancha avval paydo bo‘lgan bo‘lsa ham, uning dafn marosimini tashkillashtirayotgan mahalliy shirkat shu kungacha buni tasdiqlashdan bosh tortib kelgan.

Viskonsin shtati ma‘murlarining aytishlaricha, Svetlana Alliluyeva, hatto, bundan bir necha oy burun qazo qilgan ham bo‘lishi mumkin.

Uning o‘limiga oid tafsilotlarni telefon orqali qizi Olga Pitersdan oydinlashtirish urinishlari ham ish bermagan.

Svetlana Alliluyeva

Svetlana Alliluyeva 1926 yil 28 fevral kuni Leningradda tug‘ilgan.

Moskva Davlat universitetining filologiya va tarix fakultetlarini tugatgan.

Hindistonga safari chog‘ida ortga qaytishdan bosh tortib, 1967 yilda AQShga muhojirat qilgan.

O‘sha yili uning ilk avtobiografik asari bosmadan chiqqan.

Stalin oilasining hayotidan hikoya qiluvchi "Do‘stimga yigirmata maktub", deb nomlangan ushbu kitob qo‘lma-qo‘l bo‘lib ketadi.

Uning o‘z asarida aytishicha, "Shaxsga sig‘inish - otasi tomonidan emas, partiya va partiya saflaridagi kareristlardan boshlangan".

Svetlana Alliluyevaning yozishicha, tarixchilar ushbu faktorga kam e‘tibor qaratishgan.

Sobiq Sho‘rolar liderining qizi butun hayoti davomida ja‘mi to‘rtta kitob yozgan.

U 1970 yilda amerikalik me‘mor Uilyam Pitersga turmushga chiqadi va bir qizchali bo‘ladi.

Oradan ikki yil o‘tib, eridan ajrashadi. Uning ajrashishi Amerika matbuotida katta shov-shuvga sabab bo‘ladi.

Svetlana Alliluyeva 1984 yilda SSSRga qaytadi va o‘z fuqaroligini qayta tiklaydi.

Ammo oradan ikki yil o‘tib, yana Amerikaga qaytadi.

Saksoninchi yillar oxirlarida muayyan muddat Angliyada ham istiqomat qilgan.

Ja‘mi uch bor oila qurgan va yana ikkita qiz ko‘rgan.