Rossiya parlament saylovlari natijalari borasida bashoratlar

Image caption Saylovda "Yagona Rossiya"ning g‘alabasi, ammo hozirgi o‘rinlaridan ma‘lum qismini boy berishi bashorat qilinmoqda

Yakshanba kuni Rossiyada parlament quyi palatasi - Dumaga saylovlar bo‘lib o‘tadi. Vladimir Putinning iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasi yana bir bor g‘alaba qilishiga ishoniladi.

Ammo, ayni paytda parlamentning uchdan ikki qismini egallagan partiya bu gal o‘z o‘rinlarini yo‘qotishi ham mumkinligiga ishoniladi.

BBC The Economist jurnalining xalqaro masalalar bo‘yicha muharriri va Moskva bo‘limi sobiq rahbari Edvard Lukas mazkur bashoratlar haqidagi fikrini so‘ragan.

Edvard Lukas: Janob Putin va uning partiyasi uchun o‘ta maqbul bo‘lgan bir necha yil avvaldagi vaziyatdan ahvol bir muncha o‘zgargan. O‘shanda uning obro‘si o‘ta baland edi va saylovlar o‘tmasdanoq natijasini aytish oson edi. Men oxirgi bir necha hafta mobaynidagi omma fikrini o‘rganish so‘rovlari natijalari ataylab pasaytirib berilmayaptimikan degan fikrga bordim. Ya‘ni, saylovlar natijalari ayon bo‘lgan vaqti kutilganidan pastroq bo‘lgani odamlarni hayron qoldirmaslik uchun shunday qilinmayaptimi, deb o‘yladim. Hozirda ular Dumada Konstitutsiyani o‘zgaritish huquqini beradigan uchdan ikki qism o‘rinlarni oladilarmi yo-da, shunchaki aksariyatga erishadilarmi ekani u qadar ahamiyatli emas. Chunki, Duma a‘zolariga nima aytilsa, shuni qiladilar. U yerdagi boshqa partiyalarning ham mustaqil yo‘l tuta olishlari savol ostidagi masala. Masalan, Jirinovskiyning "Liberal Demokratlar"i ohangi anchayin muxolif bo‘lsa-da, amalda Kreml yo‘nalishidan ko‘pda farq qilmaydi. "Adolatli Rossiya" esa, Kreml tomonidan yaratilgan partiya. Shuning uchun, janob Putin firqasining qanchalik aksariyat bilan g‘alabaga erishishining aslida u qadar ahamiyati yo‘q.

BBC: Saylovchilar, oddiy odamlarni bugungi Rossiyaning siyosiy tizimida tashvishga solayotgan asosiy masalalari nimalar?

Edvard Lukas: Mustaqil omma fikrini o‘rganish so‘rovlari natijalariga qarasangiz, odamlarning xafsalalari pir bo‘lganligini ko‘rasiz. "Rossiya to‘g‘ri yo‘lda boshqarilyaptimi", degan savolga ko‘plar yo‘q, deb javob beradilar. "Ijtimoiy hizmatlar yaxshilanayaptimi", degan savolga ham javoblar bir xil. "Infrastruktura yaxshilanyaptimi?" "Yo‘q". "Saylangan vakillar haqiqatan ham xalq vakillarimi?" "Yo‘q". "Mahkamalar - adolatlimi?" "Yo‘q". "Korruptsiya bilan bog‘liq ahvol yaxshilanayaptimi?" "Yo‘q". Xullas, odamlarni qoniqtirmagan masalalar juda ko‘p. Bu qoniqmaslik mamlakat rahbariyati orasida ham bor. Prezident Medvedevning o‘zi ham korruptsiya darajasi borasida tanqidiy chiqishlar qilgan. Lekin, boshqa tomondan, "mamlakatni boshqa kimdir yaxshiroq boshqara oladimi-yo‘qmi", degan savolga ham ijobiy javob olmaysiz. Putin-Medvedev ikkiligining vaqti o‘tgani xususida ko‘plar o‘ylamaydilar.

BBC: Ana shu manzarada saylovchilar qanday ovoz beradilar, deb o‘ylaysiz? Istasak-istamasak, boshqasi yo‘q-ku, deb mavjud rahbariyat uchun ovoz beradilarmi yoki ko‘plar umuman ovoz bermaslikni tanlaydilarmi?

Edvard Lukas: Muxolifat anchayin tarqoq va samarasiz. Muxolifatning aytayotgan narsasi saylovlarga kelinglar, lekin saylov varaqasini buzib to‘ldiringlar, ana shu bilan norozilik bildirish haqida. Yana bir taklif - "Yagona Rossiya"dan boshqa har qanday partiya uchun ovoz berish va yo ko‘chalarga namoyishga chiqish. Lekin, muxolifatning aksar saylovchilarga o‘z so‘zini yetkazish imkonlari juda kam, chunki televideniyega qo‘li yetmaydi. Shuning uchun, Putin jamlog‘iga biron zarar yetkaza olish imkoniyati u qadar katta emas.

BBC: Janob Putin jamlog‘ining o‘zi qanday kampaniya olib bordi. Sizning aytayotganlaringizdan kelib chiqsak, biron jiddiy kampaniya olib borishga ularda hojat ham yo‘qdek...

Edvard Lukas: Uning televideniye orqali tashviqot olib borish imkoniyatlari cheksiz. Ko‘p narsalar avvaldan rejalab sahnalashtirilgan edi: yo‘lbars otishdan boshlab, dengiz tubidan osori-atiqalar topib chiqishi...Ko‘proq u o‘zini haqiqiy zabardast erkak qilib ko‘rsatishga e‘tibor qaratdi. Lekin, bir narsa e‘tiborga loyiq. Janob Putin yaqinda sharqona kurash musobaqasi nihoyasida g‘oliblarni qutlash uchun maydonga chiqib kelgan vaqti, uni tamoshabinlar hushtak chalib qarshi olishdi. Ana shu holat kutilmagan edi. Bu aslida vaziyat u kutganchalik nazorat ostida va risoladagidek emasligi ko‘rsatardi, menimcha. Lekin, yo‘ldagi pastu balandliklar mashina manzilga yetib bormasligini anglatmaydi, faqatgina safar bir oz noqulayroq bo‘lishini anglatadi, xolos.