Bonnda Afg‘onistonga bag‘ishlangan yirik anjuman boshlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Olmoniyaning Bonni shahrida Afg‘onistonga bag‘ishlangan yirik anjuman boshlandi.

Bundan 10 yil muqaddam, Tolibon qudratdan ag‘darilganidan so‘ng ham, xuddi shu shaharda dunyo rahbarlari to‘planib, Afg‘oniston kelajagini mubohasa etishgandi.

Tashkilotchilar Afg‘oniston bilan uzoq muddatli xalqaro hamkorlik va mamlakatni qayta qurish sa‘y-harakatlarini kuchaytirishni istaydilar.

Ammo, mazkur masalada asosiy o‘yinchi hisoblangan Pokiston o‘z chegara nuqtasiga o‘tgan oy NATO tomonidan uyushtirilgan hujumga norozilik bildirib, muzokaralarni boykot qilgan.

NATO 26 noyabr kuni 24 nafar Pokiston askarining umriga zomin bo‘lgan havo hujumi uchun uzr so‘ragan.

Qo‘shma Shtatlar va G‘arb davlatlari uzoq vaqtdan beri Pokiston Tolibon va Haqqoniy tarmog‘i doxil boshqa isyonkorlarga boshpana berayotganini aytib keladi. Haqqoniy chegaraning Afg‘oniston tarafiga qilingan qator hujumlarda ayblanadi.

Tolibon bilan muzokaralarchi?

2014 yilga borib aksar g‘arb qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etishlari kutilarkan, ko‘plab kuzatuvchilar bu mamlakat bilan uzoq muddatli hamkorlik o‘ta muhim ekanini aytishadi. Bugungi Bonni anjumanida qariyb 100ga yaqin davlatlar va xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishmoqda.

Yig‘inda qatnashayotgan o‘nlab yuqori martabali vazirlar orasida AQSh Davlat kotibasi Hillari Klinton ham bor.

Ayni paytda Afg‘oniston sharqidagi Pokiston chegarasi yaqinida joylashgan hududlarda qaqshatqich janglar davom etmoqda.

Afg‘onistonda joriy yilning hoziriga qadar 500dan ortiq NATO qo‘shinlari o‘ldirilgan.

"Bizning maqsadimiz - hech qachon xalqaro terrorizm uchun xavfsiz boshpanaga aylanmaydigan osoyishta Afg‘onistonni barpo etish", deb aytgan Olmoniya Tashqi ishlar vaziri Gido Vestervelle.

BMTning Afg‘oniston bo‘yicha sobiq maxsus vakili Laxtar Brahimi 10 yil oldin 2001 yil AQSh yetakchiligidagi harbiy amaliyotlar ortidan qudratdan ag‘darilgan Tolibon bilan muloqotlar tomon borish fikrini bildirganini aytgan.

"Biz ular qayerga ketganlari va nimalarni o‘ylayotganlarini bilishga harakat qilishimiz lozim edi. Agar ularda qiziqish bo‘lsa, joy bera olamizmi yo‘qligini o‘ylab ko‘rishimiz kerak edi", deb aytgan janob Brahimi BBC bilan suhbatda.

Tolibon bilan muzokaralar boshlash tomon harakatlar boshlangan, ammo hali aniq natijalarga erishilmagan.

Milliy yarashuv sa‘y-harakatlari o‘tgan sentyabr oyida sobiq prezident Burhoniddin Rabboniy o‘ldirilganidan so‘ng ortga ketdi.

Burhoniddin Rabboniy Kobulning isyonkorlar bilan tinchlik muzokaralari boshlash ishlariga yetakchilik qilayotgandi.

"Aynan hozir biz kimga murojaat qilishni bilmaymiz. Taqillatishimiz uchun eshik yo‘q", deb aytgan Afg‘onistonning Qo‘shma Shtatlardagi elchisi Eklil Hakimiy axborot vositalaridan biri bilan suhbatda.