BBC navigation

Rossiyada saylov jarayonidagi qallobliklarga qarshi noroziliklar davom etmoqda

Сўнгги янгиланиш 7 декабр 2011 - 14:48 GMT

O‘tgan tun Moskva markazida aksilhukumat namoyishlari davom etgan. Ko‘plab odamlar hibs qilingan. Keyingi ikki kunda politsiya 600ga yaqin odamni qo‘lga olgan.

Muxolifat kelasi bir necha kun asnosida norozilik chiqishlari to‘xtamasligini bildirgan.

Ko‘chalardagi janjallar diplomatik so‘z urushi manzarasida kechmoqda. Qo‘shma Shtatlar Davlat Kotibasi Hillari Klinton Rossiya parlament saylovlari na erkin va na adolatli o‘tganini aytgan.

Uning izohlari rasmiy Moskva tarafidan "qabul qilib bo‘lmas" deya qoralangan.

Bularning bari Rossiya prezidentligiga qaytishni rejalayotgan Bosh vazir Putinni o‘ng‘aysiz bir vaziyatga qo‘yadi.

Norozilik aktsiyasi o‘tkazmaslik buyrug‘iga bo‘ysunmagan namoyishchilar Moskva shahri markazida Bosh vazir tarafdorlari bilan yuzlashganlar.

Namoyishchilar iqtidordagi "Yagona Rossiya" partiyasiga qarshi, Putin tarafdorlari esa, "Putin, Rossiya" degan shiorlarni aytib qichqirishgan.

"Ular hibsga olnish xavfidan boxabarlar"

Dushanba kungi norozilik chiqishlari yillar asnosidagi eng yirigi bo‘ldi. Ammo, bu norozlik chiqishlari o‘z ko‘lamini qancha paytgacha saqlab tura oladi degan savol hozircha ochiq qolmoqda.

"Dushanba kungi namoyishlarga shu qadar katta sondagi odamning ishtirok etgani har bir kishini hayratda qoldirdi", deydi BBCning Moskvadagi muxbiri. Seshanbadan chorshanbaga o‘tar kechasi ham ko‘chalarni bir necha yuz odam to‘ldirgani xabar qilinadi. Ammo, so‘nggi namoyishlar noqonuniy kechmoqda.

"Bu esa, har bir kishi hibsga olinishi mumkinligini anglatadi", deydi muxbirimiz.

Maxsus politsiya kuchlari allaqachon Moskva markazidagi Triumfal maydonida 300dan ortiq kishini qo‘lga olgan.

"Ular maxsus politsiya kuchlari tarafidan hibs qilinishlarini bilishardi. Ular politsiyaning buyruqlariga bo‘ysunmaganlari uchun ikki haftani qamoqxonada o‘tkazishlaridan ham boxabar edilar. Ammo, yuzlab, ehtimolki, minglab o‘rta sinf moskvaliklar, ko‘chalarga chiqib, noqonuniy namoyish qilishmoqda", deydi BBC muxbiri Daniel Sandford.

"Sobiq mer namoyishlarga qo‘shilishi mumkin"

Moskvaning sobiq meri Yuriy Lujkov Rossiya hukumatini odamlarning saylov natijalaridan noroziliklari va bunga munosabatlarini hurmat qilishga chaqirgan.

"Dojd" telekanalidan qilgan chiqishida Lujkov janoblari Moskvaning Triumfal maydonida o‘tayotgan norozilik aktsiyasida o‘zi ham ishtirok etishi ehtimolini rad etmadi.

Lujkov janoblari Triumfal maydoniga borish taklifi bloger Aleksey Navalniy tarafidan bo‘lsa, o‘ylab ko‘rishi mumkinligi, Eduard Limonov yoki Boris Nemtsovlarnikiga javob bermasligiga ishora qilgan. "Navalniyning mavqei mening qarashlarimga yaqin", deya bildirgan Lujkov janoblari.

"Dojd" jurnalistlari o‘zining rahbarlik davrida Moskvadagi yig‘inlar tarqatib yuborilgani eslatisharkan, janob Lujkov:

"Iltimos, tadbirni shahar hayotiga ta‘sir qilmaydigan qilib o‘tkazing. Biz hech qachon hech qanqa mitinglarni taqiqlamaganmiz. Biz boshqa joyni taklif qilganmiz", deb aytgan Moskva sobiq meri.

Janob Lujkov 4 dekabr kuni "Yagona Rossiya"ga ovoz bermaganini aytgan, biroq aynan qaysi partiya uchun berganini ochiqlamagan.

"Qonunbuzarliklar jiddiy xavotir uyg‘otadi"

Putin janoblari o‘z partiyasi saylovdagi yo‘qotishlari ahamiyatini pasaytirib ko‘rsatishga uringan. "Yagona Rossiya" 50 foizdan sal kamroq ovoz to‘plagan esa-da, Dumadagi o‘rinlarining ma‘lum qismini boy bergan.

Muxbirlarga ko‘ra, natijalar mart oyiga rejalangan prezidentlik saylovlari oldi Putin janoblariga omma dastagi kamayayotganini ko‘rsatadi.

Ovro‘po Ittifoqining Tashqi masalalar bo‘yicha rasmiysi Ketrin Ashton saylovlarga yaxshi hozirlik ko‘rilganini tan olgan, biroq jarayondagi qonunbuzarliklar yuz bergani borasidagi xabarlar "juda jiddiy xavotir" ekanini aytgan.

Биз билан боғланинг

* Тўлдириш шарт бўлган жойлар

BBC © 2014 BBC tashqi sahifalar uchun ma'sul emas.

Ushbu sahifani CSS veb-brauzerida tomosha qilgan ma'qul. Hozirgi veb-brauzeringiz Sizga to'la vizual imkoniyatni bermaydi. Marhamat qilib o'zingizning brauzeringizni CSS veb-brauzeriga yangilash haqida o'ylab ko'ring.