Buxarestda Amerika josuslik xizmatining maxfiy qamoqxonasi aniqlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Olmoniyalik jurnalistlar MRB "Ornis" binosidan qamoqxona sifatida foydalanganini da‘vo qilishmoqda

Assoshieytd Press va Olmoniya matbuoti olib borgan tekshiruvlar natijasida Ruminiya poytaxti Buxarestda Markaziy Razvedka Boshqarmasi (MRB) tomonidan boshqarilgan maxfiy qamoqxona aniqlangan.

MRB sobiq xodimlari oshkor etgan mazkur qamoqxonada terrorizmda gumon etilgan shaxslar so‘roq qilingan va qiynoqqa solingan.

Bino Ovro‘po Ittifoqi va NATO maxfiy ma‘lumotlarini saqlovchi Ruminiyaning "Ornis" agentligiga tegishli bo‘lgan.

"Ornis" binoda MRB qamoqxonasi bo‘lganini rad etgan.

Sueddeutsche Zeitung gazetasi va Olmoniyaning ARD TV tarmog‘i olib borgan tekshiruvga ko‘ra, maxfiy qamoqxonada ushlab turilganlar orasida 11 sentyabr hujumlarini tashkillashtirganini tan olgan Xolid Shayx Muhammad ham bo‘lgan.

Xolid Shayx Muhammad 2003-yilning mart oyida Pokistonda qo‘lga tushirilgan edi.

U AQShning Guantanamo hibsxonasida 2006-yildan buyon ushlab turilibdi.

"Yorug‘ nur"

Olmoniyalik jurnalistlar aniqlagan binoda Davlat Maxfiy Ma‘lumotlari Milliy Reyestri, ya‘ni "Ornis" idorasi joylashgan.

"Ornis" agentligi o‘z binosi MRB qamoqxonasi sifatida foydalanilgani haqidagi barcha da‘volarni rad etdi.

Sueddeutsche gazetasining: "Binodan terrorda gumon qilingan shaxslar ushlab turishda foydalanilganmi?" - degan savolga "Ornis" agentligi boshlig‘ining muovini Adrian Kamarasan: "Bu yerdami? Yo‘q!" - deya javob qaytargan.

Buxarestning 4-Myures ko‘chasida joylashgan binoga "Yorug‘ Nur" kod nomi berilgan, deya xabar beradi Sueddeutsche gazetasi.

Ruminiya doxil qator Ovro‘po mamlakatlarida Markaziy Razvedka Boshqarmasiga tegishli qamoqxonalarning borligi haqidagi xabarlar ilk bor 2005-yilda chiqqan, biroq mazkur xabarlarni Vashington rad etgan edi.

2007-yilda Ovro‘po Kengashi chiqargan hisobotda Ruminiyani maxfiy qamoqxonani yuritishda ayblagandi.