Haagada Rafiq Haririy o‘limi yuzasidan mahkama ishi boshlandi

Фото муаллифлик ҳуқуқи a
Image caption Mahkamada sirtdan ayblanayotgan to‘rt shaxs Hizbulloh harakatiga aloqador ekani aytiladi

Haagada Livan sobiq bosh vaziri Rafiq Haririyni o‘ldirishda ayblangan to‘rt shaxs ustidan mahkama ishi boshlangan.

Suriya qo‘llab-quvvatlagan Hizbulloh harakatiga aloqador ekani gumon qilingan to‘rt shaxs hibsga olinmagan va ularning ishi sirtdan ko‘rib chiqilmoqda.

Rafiq Haririy 2005 yil Bayrutda mashinaga o‘rnatilgan bombaning portlashi oqibatida halok bo‘lgandi.

Uning o‘limi Livanni qutblashtirdi va Suriya qo‘shinlarining olib chiqilishiga yetakladi.

Hizbulloh harakati Livan bosh vaziri o‘limiga aloqadorligini rad etadi.

Harakatning ishonishicha, suiqasd aslida Isroil va AQSh dasisasining bir qismidir.

Mahkama boshlanishidan bir oz oldin Hizbulloh markazlaridan biri hisoblangan Hermel shaharchasida hokimiyat binosi yaqinida bomba portlagani xabar qilingan.

Suriya chegaralariga yaqin Bekaa vodiysida joylashgan shaharchada yuz bergan portlashda kamida ikki nafar inson halok bo‘lgan va 15 kishi yaralangan.

Mahkamani ochib bergan hakam Devid Re ayblanuvchi shaxslarni mahkamaga keltirish uchun barcha choralarni qo‘llashga qaror qilinganini aytgan.

U mahkama ular ishtirokisisiz ham davom etaverishini va qoralovchilar o‘ngida ularning aybini to‘la isbotlash vazifasi turganini aytgan.

Ortidan ayblov xulosalari va qoralovchilar bayonoti o‘qib eshittirilgan.

Mahkamada Haririyning o‘g‘li Saad va boshqa oila a‘zolari ishtirok etishmoqda.

Bayrutdagi BBC muxbiri Jim Myuirning aytishicha, BMT dastaklagan mahkama avvallari kuzatilmagan xususiyatlarga ega - xalqaro mahkama ilk bor terrorizmga aloqador ishni ko‘rib chiqmoqda va Ikkinchi Jahon Urushidan buyon ilk bor gumondor shaxslar ishtirokisiz bo‘lib o‘tmoqda.

2005 yil 14 fevralida sodir etilgan bomba hujumida Rafiq Haririydan tashqari yana 22 inson halok bo‘lgan va 226 nafar inson jarohat olgandi.

Mazkur hodisa Livanning tarixiy yo‘nalishini butunlay o‘zgartirib, mamlakatda sunniylar va shialar o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni kuchaytirib yubordi.

Livandagi eng nufuzli sunniy rahbarlaridan biri bo‘lgan Haririy tarafdorlari hujum uchun Suriyani aybladi.

1976 yilda Livanga joylashtirilgan Suriya qo‘shinlariga qarshi yirik namoyishlar bo‘lib o‘tdi.

Bir necha oy o‘tib Suriya Livandan o‘z qo‘shinlarini butunlay olib chiqdi.

2007 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Haririy o‘limini tekshirish uchun maxsus tribunal ta‘sis etdi.

Haaga mahkamasi 2011 yilda Mustafo Badriddin, Salim Ayyosh, Husayn Unaysiy va Assad Sabroni hibsga olish sanktsiyasini chiqardi.

Ularga qarshi terrorchilik hujumini uyushtirishdan qotillikka qadar qator ayblovlar ilgari surilgan.

Mustafo Badriddin Hizbulloh harakatining yuqori rutbali harbiy qo‘mondonlaridan biri ekani ishoniladi.

Mahkamada ayblanuvchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin bo‘lgan beshinchi gumonlanuvchi shaxs ham mavjud - 48 yoshli Hasan Habib Merhiy.

Mahkama 500 guvoh ko‘rsatmalarini tinglaydi va bir necha oy davom etishi mumkin.

BBC muxbirlari so‘zlariga ko‘ra, to‘rt gumonlanuvchi shaxsga qarshi dalillar asosan mobil suhbatlari va ularning tahlillariga asoslangan.

Ammo Hizbulloh harakati rahbari Hasan Nasrullohning aytishicha, Haririy harakatlarini Isroil sun‘iy yo‘ldosh orqali kuzatib borgan, soxta telefon suhbatlarini uyushtirgan va o‘z dushmanlarini yomonotliq qilish uchun suiqasd rejasini ishlab chiqqan va amalga oshirgan.

Suriyadagi fuqarolar urushi sabab Livanda sunniylar va shialar o‘rtasidagi ziddiyat kuchayib bormoqda.

Shialarning Hizbulloh harakati Suriyada prezident Bashar al-Assad qo‘shinlari saflaridla jang qilmoqda.

Livandagi BBC muxbirining aytishicha, Livan hozirda xuddi 2005 yilda bo‘lgani singari ikkiga bo‘lingan.