'Qrim Tatarlari milliy-hududiy muxtoriyat istaydi'

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Qrimdagi Bog'chasaroy shahrida Qrim Tatarlari Majlisining navbatdan tashqari qurultoyi o'tkazilgan.

Qurultoyda Qrim Tatarlari Majlisining 200 tacha a'zosi, Qrim Muftiysi Emirali Ablaev, Tatariston Respublikasi Prezidenti Rustam Minnixonov, Rossiya Muftiylari Kengashi raisi Ravil Gaynutdin ishtirok etganlar.

Qrim Tatarlari Majlisi raisi Refat Chubarov ushbu qurultoy "Qrim Tatar xalqining o'z kelajagini o'zi belgilash huquqi"ga bag'ishlanganini aytgan.

Bu "ham tarixiy va ham huquq nuqtai nazaridan to'g'ri", deb aytgan janob Chubarov.

Qurultoyda Qrim zamini va Qrim Tatarlarining vatani ekani aytilgan.

Qurultoyda Qrim Tatarlarining milliy hududiy muxtoriyatini tashkil etish g'oyasi ilgari surilayotgani ma'lum qilingan.

Ushbu qurultoyda bunday muxtoriyatni barpo etishning siyosiy-huquqiy protseduralarini muhokama etish va bu muhokamalar yakunida tegishli loyihani ovozga qo'yish mo'ljallangan.

"Biz ushbu hujjatni qabul qilish bilan Qrim Tatar xalqining o'zining tarixiy hududi Qrimda milliy-hududiy muxtoriyatini tashkil etish bo'yicha siyosiy va huquqiy amallarni boshlaganimiz haqida barcha tomonlarga e'lon qilamiz", deb aytgan Qrim Tatarlari Majlisining raisi Refat Chubarov.

"Biz shuni ta'kidlaymizki, Qrim o'zining milliy davlatchiligiga ega bo'lgan Qrim-Tatar etnosi shakllangan tarixiy hudud ekanligi inkor qilib bo'lmas haqiqat. Biz bunda hozirgi kundagi Qrimning maqomini o'zgartirish Qrimning tub aholisi Tatar xalqining roziligi va aniq ifodalangan irodasisiz amalga oshirilayotganidan kelib chiqmoqdamiz", deb aytgan Refat Chubarov.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP Getty

Qurultoy oldidan BBC Ukraina xizmati muxbiri Qrim parlamenti birinchi vitse-spikeri Grigoriy Ioffe bilan gaplashgan.

Janob Ioffe aytishicha, Qrimning yangi konstitutsiyasi Tatarlar uchun kvotalarni ko'zda tutmaydi.

Bundan oldin Qrim rasmiylari Tatarlarga ijroiya hokimiyatida 20 foizlik kvota berilishi haqida va'da bergan edi.

Rossiya qonunchiligida kvotalar haqidagi me'yorlar yo'q, shuning uchun Qrim konstitutsiyasida ham bunaqa band bo'lmaydi, deb aytgan Grigoriy Ioffe.

Tatarlarga hokimiyat boshqa hamma narsani kafolatlaydi, deb aytgan Qrim parlamenti vitse-spikeri.

Muxbirlarga ko'ra, Qrim Tatarlari qurultoyini dastavval Simferopol shahrida o'tkazishga qaror qilingan.

Biroq rossiyaparast kuchlar fitna uyushtirishlari ehtimoli mavjudligidan qurultoyni Bog'chasaroyda o'tkazishga qaror qilingan.

Qrimda 300000 atrofida Tatar istiqomat qiladi.

Ular yarim orol aholisining 12 foizini tashkil etadi.

Qrim Tatarlari 16 martdagi Rossiyaga qo'shilish maqsadidagi referendumni boyqot qilgan edilar.