Yunon bosh vaziri: "Ovro‘po bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘ymaylik!"

Фото муаллифлик ҳуқуқи EPA

Qarzlarga botgan Yunonistonning yevro hududida qolishi borasida shubhalar kuchayib borar ekan, yunon bosh vaziri Aleksis Tsipras Ovro‘po Ittifoqi bo‘linib ketishining bartaraf etilishiga chaqirdi. Ovro‘po parlamentida o‘tgan ehtiroslarga to‘la debatda u: "Ovro‘po bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘ymaylik!" - dedi.

Yakshanba kuniga mo‘ljallangan Ovro‘po Ittifoqining sammiti boshlanishidan avval Yunoniston o‘zining yangi takliflarini kreditorlarga payshanbagacha topshirishi kerak. Janob Tsipras bu takliflar ustida ish olib borilayotganini aytdi, ammo tafsilotlarini bermadi.

Yunon bosh vaziri "Yunoniston va yevrohudud manfaatlari uchun" o‘z mamlakati kelgusi bir necha kun ichida o‘ziga qo‘yilgan majburiyatlarni bajarishiga ishonishini aytdi. U parlamentga kirib kelar ekan, ba‘zilar uni qoralab qichqirsa, boshqalar qarsak chalishdi.

O‘z nutqida Tsipras janoblari sobiq qutqaruv yordamlarini qoraladi va ular Yunonistonni "byudjet xarajatlarini kesish laboratoriyasi"ga aylantirib qo‘yganini aytdi.

"Bu tajriba muvaffaqiyatli bo‘lmaganini barchamiz tan olishimiz kerak", - dedi u Strasburgdagi parlamentda chiqish qila turib.

Tsipras janoblari chiqishidan bir necha kun avval Yunoniston xalqi referendumda ovoz berib, kreditorlarning oxirgi takliflarini rad qilishdi.

"Yunon xalqi tik turib, o‘z dardini aytdi. Biz ularga quloq solishimiz kerak," - dedi Tsipras.

Bryusselda Yunoniston oldiga ultimatum qo‘yilgan: Yunoniston yakshanba kuni kreditorlar bilan kelishuvga erishadi yoki dushanba kuni kasodga uchraydi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02. Instagram – BBC UZBEK Twitter – BBC UZBEK Odnoklassniki – BBC UZBEK Facebook- BBC UZBEK Google+ BBC UZBEK YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek) Skype - bbcuzbekradio