IShID rahbari Bag'dodiy murojaati e'lon qilingan

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Islomiy veb-saytlarda o'zini “Islomiy Davlat” deb ataydigan ekstremistik guruh rahbari Abu Bakr al-Bag'dodiyniki ekani e'lon qilingan audio murojaat tarqatilgan.

Ayni paytda IShID jangarilari Ramadi shahrini tark etganlar.

Audio murojaat 24 daqiqa davom etadi.

Unda o'zini IShID rahbari deb e'lon qilgan Bag'dodiy, havo hujumlari IShIDni kuchsizlantirgani yo'q, deb aytgan.

Aksincha, havo hujumlari IShID jangarilarining jangovor ruhini ko'tardi, deyilgan murojaatda.

Bu Abu Bakr al-Bag'dodiy taqdiri haqida turli xabarlar tarqalgan 2015 yil bahoridan keyin e'lon qilingan birinchi audio murojaati.

Iroq Ichki ishlar vazirligi vakili BBCga IShIDga qarshi harbiy koalitsiya uyuushtirgan havo hujumida Bag'dodiy jiddiy yaralangani haqida aytgan edi.

Abu Bakr al-Bag'dodiyning shaxsiyati va qaerda ekani haqidagi ma'lumot sir saqlanadi.

IShID jangarilarining aksari u bilan yuzma-yuz ko'rishmagan.

O'zini musulmonlarning xalifasi deb e'lon qilgan Bag'dodiyning qo'mondonlar oldida yuzini niqob bilan to'sib chiqishi ma'lum bo'lgan.

Shuning uchun unga "ko'rinmas shayx" degan nom ham berilgan.

Suriya shimolida AQSh dastaklayotgan kurd, arab va nasroniy jangchilar "Islomiy Davlat" qo'lidan Evfrat daryosidagi muhim suv to'g'onini tortib olishga mavaffaq bo'lganlari xabar qilinmoqda.

Iroq rasmiylarining BBCga aytishlaricha, oxirgi kunlarda qattiq janglar kechgan Ramadi shahrini IShID jangarilari tark etganlar.

Ramadi shahri Iroq poytaxti Bag'doddan 130 kilometrcha g'arbda joylashgan va ID shahar ustidan nazoratni 2015 yil mayida qo'lga olgan edi.

AQSh rahbarligidagi harbiy koalitsiya havo hujumlari dastagida Iroq hukumati kuchlari va sunniy qabilalar jangchilari 22 dekabr kuni Ramadi uchun jangni boshlagan edilar.

Ichkarida tinch fuqarolar qamalib qolgani va joylar minalashtirilgani ehtimoli mavjudligidan keng miqyosli harbiy amaliyotlar kechikib turgan edi.

Iroq harbiy manbalarining Bi-bi-siga aytishicha, Iroq kuchlari Ramadi shahridagi viloyat hokimligi binosidan atigi bir necha metr uzoqlikdalar.

Bu bino IShID jangarilari qurolli qarshilik ko'rsatgan oxirgi istehkom bo'lgan.

IShID jangarilari o'z ixtiyorlari bilan Ramadini tark etdilar, deb ishonilmoqda.

Iroq harbiylari shu hafta davomida ko'chalar va binolarni minalardan tozalashlariga to'g'ri kelgan va viloyat hokimligi binosi ham minaga to'la ekaniga ular ishonadilar.

Ramadi uchun hujumlarga bir necha oy tayyorgarlik ko'rilgan.

Oxirgi kunlarda janglar o'rtasida qolib ketgan yuzlab oilalar vakillarining taqdiri borasida xavotirlar paydo bo'lgan.

IShID jangarilari tinch fuqarolarni bir joyga to'playotganlari haqida xabarlar tarqalgan, biroq bundan ko'zlagan maqsadlari nima ekani ayon emas.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio