Moskvada Amerika dollari yana qimmatladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Moskvadagi birjada 1 AQSh dollarining qiymati 72 rubldan ham ko'tarilgan.

Jahon bozorida neft narxining pasayishi so'nggi 11 yildagi eng past nuqtaga yaqinlashgani kuzatildi, bu Rossiya milliy valyutasi qadrsizlanishining asosiy omili sifatida tilga olinmoqda.

Brent neftining bahosi 1 barreli uchun 37,13 dollarni tashkil etgan, WTI markali neft narxi 37 dollardan ham pasaygani kuzatilgan.

Jahon bozorida neft xomashyosi mo'l ekani, bu OPEK tashkilotiga a'zo mamlakatlar ishlab chiqarishni ko'paytirgani natijasi ekani xabar qilinmoqda.

Jahon bozorida neft narxining tushib ketayotgani iqtisodi neft savdosiga bog'liq bo'lgan mamlakatlarga salbiy ta'sir ko'rsatmoqda.

2014 yil boshidan buyon neft eksportchisi hisoblangan ayrim mamlakatlarning milliy valyutalari jiddiy qadrsizlanishi kuzatildi.

Rossiya rubli 53 foizdan ortiq qadrsizlandi.

2015 yil yoziga kelib Qozog'iston tengesining bir yarim yil mobaynidagi qadrsizlanishi qariyb 54 foizni tashkil etdi, avgust oxirida Qozog'iston hukumati valyutaning "suzib yuradigan kursi"ni joriy etishga qaror qildi.

21 dekabr kuni Ozarbayjonda 1 AQSh dollarining qiymati 1,55 manatni tashkil etdi.

2014 yil boshida 1 dollar 0,78 Ozarbayjon manatiga teng edi.

Ikki yil mobaynida manat qariyb 2 barobar qadrsizlanishi ortidan Ozarbayjon Markaziy banki ham suzuvchi valyuta kursiga o'tishga majbur bo'ldi.

O'zbekiston chetga neft sotmasa-da, iqtisodiyoti hamon tashqariga paxta, gaz va oltin sotishga ixtisoslashganicha qolgan, xorijdan mehnat muhojirlari yuborib turgan pul jo'natmalariga bog'liq iqtisodiyot hisoblanadi.

Hukumat rasman tan olmasa-da, ayrim iqtisodiy tahlilchilar O'zbekistonda mavjud valyutaning "qora bozori"ni O'zbek so'mining haqiqiy qadrini belgilab beradigan bozor deb ko'radilar.

Shu yil oktyabrida O'zbekistondagi "qora bozor"da 1 AQSh dollarining bahosi 6000 so'mga chiqib ketdi.

Bu Rossiya rublining qadrsizlanishi, jahon xomashyo bozorida narxlar tushishi va Rossiyadan mehnat muhojirlariga oilalariga yuborib turgan pul jo'natmalarining kamaygani ta'siri deb ko'rildi.

Hozir olinayotgan xabarlarga ko'ra, hukumat dollarning "qora bozor"dagi narxini sun'iy pasaytirib turishga harakat qilmoqda.

Odamlar orasida "O'zbekiston keyingi yildan Koreyaningmi-Xitoyningmi puliga o'tarmish" degan ovozalar tarqalgan.

Bu qanchalar bema'ni ovoza bo'lmasin, ayrim o'zbekistonliklar qo'lidagi dollarlarini sotib, bor jamg'armasini so'm qilib olgani bu ovoza dollar narxini tushirishda naqadar samarali vosita bo'lganini ko'rsatadi.

Shu kecha-kunduzda "qora bozor"da dollarning qiymati 5400-5500 so'mni tashkil etmoqda.

Dollarning rasmiy kursi ham 2800 so'mdan ko'tarilib, 28 dekabr kuni 2809 so'm 98 tiyinni tashkil etgan.

BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02.

TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek yoki BBCUZBEK

Instagram - BBC UZBEK

Twitter - BBC UZBEK

Odnoklassniki - BBC UZBEK

Facebook- BBC UZBEK

Google+ BBC UZBEK

YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)

Skype - bbcuzbekradio

Бу мавзуда батафсилроқ