Millionerlari Rossiyani tark etmoqda

Agar, ‘New World Wealth’ konsalting shirkatining so‘nggi hisobotiga tayanilsa, o‘tgan yili Rossiyani 2000 ta millioneri tashlab ketgan.

Bu kabi holat ortidan, millionerlari o‘zga yurtlarni ixtiyor etayotgan dunyo davlatlari ro‘yxatida Rossiya Frantsiya, Xitoy, Italiya, Hindiston va Yunonistondan keyin yuqori o‘nlikka kirgan oltinchi davlat bo‘lgan.

Xalqaro konsalting shirkatining so‘nggi hisob-kitoblariga ko‘ra, hozir Rossiyada 127 mingta millioner qolgan.

Shirkat 2014 yilgi hisobotida Rossiyadagi ja‘mi millionerlarning sonini 158 mingtaga baholagan.

Birgina 2013 yildan 2014 yilgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida boyligi bir million dollardan ortib ketgan rossiyalik millionerlarning soni qariyb ikki barobariga ortganini aytgandi.

Yangi hisobot mualliflari Rossiyadagi millionerlar bilan bog‘liq mavjud voqe‘likni “davlatning mahalliy biznesga nosog‘lom aralashuvi” bilan bog‘lashmoqda.

Ularga ko‘ra, bundan tashqari, biznes ahlini Rossiya siyosatidagi Amerikaga qarshi ohanglar ham cho‘chitmay qolmagan.

Hisobotda aytilishicha, xuddi ana shu holat chet ellik sarmoyadorlarni Rossiyaga yotirim kiritishdan orqaga qaytarayotgan yana bir muhim omilga aylangan.

Ular qatorida xorijiy shirkatlar ham Rossiya bozoriga kirishdan qo‘rqib qolishgan.

Ustiga ustak, ‘New World Wealth’ konsalting shirkatining so‘nggi hisoboti jahon bozoridagi neftь narxlari va Ukraina inqirozi yuzasidan G‘arb tomonidan ustma-ust joriy etilgan sanktsiyalar allaqachon Rossiya iqtisodiga jiddiy zarba berib ulgurgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Mavjud holatdan iqtisodlari asosan Rossiyada mehnat muhojirligida band fuqarolari yuborayotgan mablag‘larga tayanuvchi aksariyat Markaziy Osiyo davlatlari ham jabr chekmay qolishmagan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Mehnat muhojirlari ortga yuborayotgan pullarning bir necha barobariga qisqarib ketishi kambag‘allikda yashovchi fuqarolarining soni oz bo‘lmagan bu davlatlarda ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni anchagina og‘irlashtirgan. Narx-navolarning ko‘tarilib ketishiga sabab bo‘lgan.

Xuddi shu manzarada Rossiyaga borishni ixtiyor etayotgan mehnat muhojirlari sonining ham keskin kamayishi ishsizlik shundoq ham jiddiy muammo bo‘lgan ayrim mintaqa davlatlarida ijtimoiy portlash ehtimollariga oid xavotirlarni ham paydo qilmay qolmagan.

Yakunida esa, ham mahalliy va ham xalqaro miqyosda yangrayotgan bu kabi xavotirlar mavjud holatning mintaqa xavsizligi va barqarorligiga ta‘siri bo‘lishi mumkinligiga oid qo‘rquvlarga ham zamin yaratgan.

Xalqaro Valyuta Jamg‘armasi ham yaqinda yangi bashorat bilan chiqqan va Rossiyadagi iqtisodiy inqiroz qolgan MDH davlatlaridagi iqtisodiy o‘sish sur‘atlariga ta‘sir etmay qolmasligi bilan ogohlantirgandi.

Jamg‘armaga ko‘ra, mavjud bo‘hron sabab, Rossiyada Yalpi Yillik Ichki Mahsulot Ishlab chiqarish ko‘lami o‘tgan yilning o‘zida qariyb 4 foizga kamaygan.

Iste‘mol narxlarining esa, 20 foizlar atrofida qimmatlashishi ehtimoli saqlanib qolgan.

‘New World Wealth’ konsalting shirkati tahlilchilariga ko‘ra ham, millionerlari muhojiratni ixtiyor etayotgani o‘sha mamlakat uchun yaxshi mujda emas.

Ularning aytishlaricha, millionerlar bilan birga kattagina mablag‘ ham chetga chiqib ketadi.

Bu esa, o‘z navbatida, milliy valyutaning qadrsizlanishi va mahalliy bozorning kuchsizlanishiga olib keladi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Thinkstock

Davlat byudjetiga tushayotgan soliq tushumlarining hajmi ham qisqaradi, shirkatlar ham yopilib ketarkan, ish o‘rinlari ham yo‘qotiladi.

Ammo anchayin badbin baholari manzarasida tahlilchilar yangi millionerlar yetishib chiqishi uchun Rossiyada potentsial borligi ehtimolini ham rad etishmagan.

Kosalting shirkatining me‘yorida boyligi bir million dollardan ortiq bo‘lgan millionerlar nazarda tutilgan.

Agar, qiyosan keltiriladigan bo‘lsa, yangi ro‘yxatda peshqadam bo‘lgan Frantsiyani bir yilning ichida 10 ming millioneri tark etgan.

Tahlilchilar mavjud holatni so‘nggi yillarda Frantsiyada diniy tanglikning kuchayib borayotgani bilan izohlashgan. Kelasi 10 yil ichida vaziyat bundan-da yomonlashishi bilan ogohlantirishgan.

Chetdan kelayotganlari hisobiga millionerlari ko‘payib borayotgan davlatlar ro‘yxatida esa, Avstraliya birinchi o‘rinni egallagan.

O‘tgan yili dunyoning bu davlatiga o‘n mingga yaqin millioner ko‘chib kelgan.

Avstraliyadan keyin xorijlik millionerlarning mehrlarini qozonayotgan mamlakatlar ro‘yxatini AQSh, Kanada, Isroil, Birlashgan Arab Amirliklari va Yangi Zelandiya davom etdirishgan.

Deylik, mintaqadagi xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyatga qaramay, o‘tgan yili Isroilning birgina Telь-Aviv shahrida ikki mingta yangi millioner ko‘chib kelgan.

Agar, eng so‘nggida ma‘lumot o‘laroq aytiladigan bo‘lsa, xalqaro konsalting shirkati tahlilchilari dunyo davlatlaridagi viza olgan, ko‘chmas mulk xarid qilgan xorijiy sarmoyadorlarga oid ma‘lumotlar millionerlarning o‘zlari, vositachilar va turli ekspertlar bilan qilgan suhbatlari asosida bu kabi yakuniy to‘xtamga kelishgan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз,телефонимиз:+44 78-58-86-00-02.
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/
  • bbcuzbekInstagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса,uzbekweb.netга киринг.

Бу мавзуда батафсилроқ