'Panama hujjatlari': G‘arbda siyosiy to‘fon, Rossiyada jimlik

Фото муаллифлик ҳуқуқи bbc
Image caption Журналистлар офшор ҳисобларига доир 11 миллион ҳужжатларни қўлга киритишган

Panama Bosh prokuraturasi "panama hujjatlari"da tilga olingan noqonuniy ofshor shirkatlarini tuzish holatlari yuzasidan jinoiy tergov boshlashga hozirligini bildirgan. "Milliy va xalqaro matbuotda "panama hujjatlari" sifatida keltirilgan materiallardagi dalillar jinoiy tergovga asos bo‘ladi", deyiladi Bosh prokuratura xabarida. Avvalroq prezident Xuan Karlos Varela Panama mojaroli sizdirmalar bilan bog‘liq har qanday tekshiruvda ishtirok etish va hamma davlatlar bilan hamkorlik qilishga tayyorligini bildirgandi. "Biz Panama va butun dunyo moliya tizimini himoya qilish uchun har qanday chiqish, har qanday tekshiruvni olqishlaymiz, toki bu tizim hach qachon jinoiy maqsadda ishlatilmasin", -degan Panama rahbari. Avvalroq Panamaning Mossack Fonseca huquqiy shirkatiga tegishli millionlab maxfiy hujjatlar jahonning yetakchi ommaviy axborot vositalariga sizgan edi. Hujjatlardan anglashilishicha, Mossack Fonseca qator holatlarda o‘z mijozlariga pullarni yuvish, soliqdan qochish va jazo choralarini aylanib o‘tishga yordam bergan. Ularda ja‘mi 72 nafar sobiq va amaldagi davlat rahbarlari, jumladan, o‘z mamlakatlarini talon-taroj qilgan diktatorlarning nomlari keltirilgan. Mossack Fonseca noqonuniy faoliyatga aloqasi yo‘qligini aytib, hujjatlarning chop etilishini "jinoyat" deb atagan.

Siyosiy to‘fon

Ayni paytda "panama hujjatlari" Islandiyada siyosiy to‘fonga sabab bo‘lgan. Poytaxt Reykyavikda minglab odamlar bosh vazir Sigmyundyur Gyunnleygssonning iste‘fosini talab qilib chiqishgan. Yakshanba kuni chop etilgan maxfiy hujjatlarda aytilishicha, Gyunnleygsson Islandiyaning moliyaviy inqiroz chog‘ida davlatdan yordam olgan banklarida o‘z manfaatlariga ega bo‘lgan, ammo buni daromadlari haqidagi bayonnomada ko‘rsatmagan. Dushanba kuni Channel telekanaliga bergan intervyusida bosh vazir "panama hujjatlari" tufayli iste‘foga ketmasligini aytgan. Gyunnleygssonning aytishicha, bu hujjatlarda "hech qanday yangi gap yo‘q". Unga ko‘ra, hukumat yaxshi natijalarni ko‘rsatayapti va ishni nihoyasiga yetkazish muhim.

Kemeron noqulay ahvolda

"Panama hujjatlari"da Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kameronning 2010 yilda vafot etgan otasi Ien Kemeron bir qancha mijozlarning pul yuvishiga yordam bergani qayd etilgan. Aytilishicha, Mossack Fonseca mijozlari orasida bo‘lgan Ien Kemeronning Blairmore shirkati daromadlarini yashirish maqsadida murakkab sxemalardani foydalangan va uzoq yillar davomida Britaniyada bir tiyin ham soliq to‘lamagan. Avvalroq janob Kemeron "soliq jannatlari" deb ta‘riflanadigan ofshorlarda shaffoflik va soliqdan qochishlarga qarshi kurashga chaqirgandi. Kemeronning matbuot xizmati "panama hujjatlari"dagi ma‘lumotlarni sharhlashdan bosh tortgan. Jurnalistlarning Kemeronlar oilasi hali ham ofshor hisobiga pul qo‘yadimi, degan savoliga janob Kemeronning vakili "bu ularning shaxsiy ishi" deya javob qaytargan. U bosh vazir soliqdan qochishga qarshi qator choralar ko‘rganini ham urg‘ulagan. Ayni paytda Buyuk Britaniya Soliq va bojxona xizmati hujjatlarni e‘lon qilgan Jurnalistik tadqiqotlar xalqaro kontsortsiumidan Kemeronning otasiga doir ma‘lumotlarni o‘zlariga taqdim etishni so‘ragan. "Blairmore" ega hissalaridan foydalanishni 2006 yilda to‘xtatgan, ammo mazkur kompaniya hali ham Britaniyada soliq to‘lamagan. "Blairmore" Devid Kameronning Aberdinshir grafligidagi ota-bobolari yashab kelgan koshona nomini olgan.

Turfa munosabatlar

"Panama hujjatlari"ga g‘arb va sharqda bildirilayotgan munosabatlar turlicha. Hujjatlarda boshqa ko‘plab shaxslar va shirkatlar qatorida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, Ukraina rahbari Pyotr Poroshenko, Xitoy Kommunistik partiyasi rahbariyati a‘zolari, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning qizlari, Misrning sobiq rahbari Husni Muborakning o‘g‘li, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharifning farzandlari, FIFAdagi mansabdor shaxslar va futbolist Lionel Messiga oid ma‘lumotlar keltirilgan. "Panama hujjatlarining Rossiyaga taalluqli qismi Prezident Putinning do‘stlarini o‘z ichiga oladi. Jurnalistlarning aytishlaricha, Rossiya prezidenti Putinning yaqin do‘stlari Rossiya Banki vositasida pul yuvish orqali ertaklardagidek boyib ketishgan. Hujjatlarda Putinning do‘stlariga aloqasi borligi aytilgan to‘rt shirkat tilga olinadi. Bular- Sonnette Overseas, International Media Overseas, Sunbarn i Sandalwood Continental shirkatlaridir. Bu shirkatlarning barchasi ofshor hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan va Putinning yaqin do‘sti Yuriy Kovalьchuk rahbarlik qiladigan Rossiya Banki bilan aloqador. Hujjatlardan anglashilishicha, International Media Overseas va Sonnette Overseas shirkatlari rasman violonchelist sozanda Sergey Rolduginga tegishlidir. U Vladimir Putin bilan bolaligidan do‘st ekani va Putinning qizlaridan birining cho‘qintirgan otasi ekani bilan jamoatchilikka tanish. Bu ikki shirkat misolida so‘z 2 milliard dollardan ortiqroq mablag‘lar haqida borayotgan bo‘lishi mumkin. Na Rossiya Bosh prokuraturasi va na Tergov qo‘mitasi "panama hujjatlari"ga qiziqish bildirmagan. Ammo Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov hujjatlarni Rossiyaga va birinchi navbatda "shaxsan Prezident Putinga qarshi qaratilgan hujum" deb atagan. Janob Peskov shuningdek, o‘z rafiqasining ofshor isobi borligi haqidagi ma‘lumotlarni ham rad etgan. Ukraina Prezidenti Poroshenkoning voizi esa, "ofshor shirkat ochish jinoyat emas"ligini aytgan. Poroshenkoning moliyaviy maslahatchilariga ko‘ra, "panama hujjatlari"da nomi keltirilgan Prime Asset Partners ning ta‘sis etilishi prezidentga qarashli Roshen hissalarining sotilishi bilan bog‘liq. Ozarbayjon Prezidentining matbuot xizmati ham "panama hujjatlari"ni sharhlamagan. 2013 yilda shunga o‘xshash iddaolar yuzaga chiqqan payt janob Aliyevning matbuot kotibi "Prezident qizlarining biznes bilan shug‘ullanishga haqlari bor"ligini aytgan edi.

Taqiq va cheklov

Xitoy hukumati esa "panama hujjatlari"ni qoralagan va tafsilotlarni yoritishga cheklov qo‘ygan. Xitoy maxfiy hujjatlardagi ma‘lumotlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazadimi, degan savolga Xitoy Tashqi ishlar vazirligi vakili "biz bu asosssiz da‘volarni sharhlamaymiz", deya javob qaytargan. Davlat matbuoti "panama hujjatlari" haqida deyarli xabar bermagan. Internetda "panama hujjatlari" degan qidiruvga taqiq qo‘yilgan. Xitoylik foydalanuvchilar qidiruv berganlari taqdirda "ma‘lum qonun va qoidalarga zid bo‘lishi mumkin va shuning uchun ham ko‘rsatilmaydi" degan javobni olishadi.

  • Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog‘lanishni istasangiz,telefonimiz:+44 78-58-86-00-02.
  • TELEGRAMDA ESA kanalimiz - http://bbc.in/1RL8xPz
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBCUZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (http://bbc.in/1W8UfxL)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comga to‘siq bo‘lsa,uzbekweb.netga kiring.