Sodiq Xon Londonning birinchi musulmon hokimi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

5 may kuni bo'lib o'tgan London shahri hokimligi uchun saylovda Leyboristlar partiyasi nomzodi Sodiq Xon g'alaba qozongan.

Sodiq Xon jami ovozlarning 56,8 foizini qo'lga kiritgan.

Uning Konservativ partiyadan bo'lgan raqibi Zak Goldsmit 43,2 foiz to'plagan.

45 yoshli Sodiq Xon pokistonlik muhojirlar oilasida o'sib voyaga etgan.

Ota-onasi Sodiq Xon tug'ilishidan oldinroq Londonga kelib joylashganlar.

Otasi 25 yil davomida Londonda avtobus haydovchisi bo'lgan, onasi tikuvchilik bilan ham band bo'lgan uy bekasi edi.

Sodiq Xon oiladagi sakkiz farzandning biri, ular Londonning ishchilar tumani Tutingda yashaganlar.

U 15 yoshidan siyosatga qiziqib qolib Leyboristlar partiyasiga a'zo bo'lgan.

Shimoliy London universitetida huquqshunoslikni o'rgangan.

Sodiq Xon inson huquqlari bo'yicha yurist sifatida tanilgan.

U Britaniya parlamentining a'zosi bo'lgan.

Gordon Braun etakchiligidagi Leyboristlar hukumatida Transport vaziri lavozimida ham ishlagan.

Sodiq Xon oilasidagi etti aka-uka va bir singil Islom diniga hurmat ruhida tarbiyalanganlarini aytgan, parlament a'zosi sifatidagi o'zining ilk ma'ruzasida otasi unga Muhammad Payg'ambar(S.A.V) hadislarini qanday qilib o'rgatgani haqida eslagan edi.

U oilali, ikki qizning otasi.

London hokimligi uchun saylovda g'alabasi aniq bo'lganidan keyin Sodiq Xon o'zidek davlat bergan uyda katta bo'lgan kamtar oilaning farzandi London hokimi bo'lib saylanishini tasavvur ham qilmaganini aytgan.

U saylov kampaniyasi boshidanoq, kelib chiqishidan qat'i nazar, milliardermi yoki avtobus haydovchisi, barcha londonliklarning hokimi bo'lishga va'da beradi.

Sodiq Xondan oldin London shahrini Konservativ Boris Jonson 8 yil davomida boshqarib keldi.

Sodiq Xonni Leyboristlar rahbari Jeremi Korbin g'alabasi bilan tabriklagan.

Sodiq Xon London shahrida transport haqlarini muzlatishga, oddiy odamlarning sotib olishga qurbi etadigan narxda uy-joy qurishga, biznesni qo'llab-quvvatlash, ishlab chiqarish uchun soliqlarni kamaytirishga va'da bergan.

  • BBC O'zbek xizmati bilan Whatsapp, Telegram va Viber orqali bog'lanishni istasangiz, telefonimiz:+44 78-58-86-00-02
  • · TELEGRAMDA ESA kanalimiz - https://telegram.me/bbcuzbek
  • · Instagram - BBC UZBEK
  • · Twitter - BBC UZBEK
  • · Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • · Facebook - BBC UZBEK
  • · Google+BBC UZBEK
  • · YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • · Skype - uzbekbbclondon
  • · bbcuzbek.comga to'siq bo'lsa, uzbekweb.netga kiring