1 million petitsiyachi: qayta referendum o'tkazing!

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Britaniyaning Ovro'po Ittifoqiga a'zoligi borasida qayta referendum o'tkazish talabi ilgari surilgan petitsiyaga 25 iyun kuni tushgacha 1 milliondan ortiq kishi imzo chekkan.

Petitsiyaga qo'shilganlarning soni shiddat bilan ko'paydi va atigi bir-ikki soat ichida 1 million 500 mingdan oshdi.

Britaniya parlamenti veb-saytida e'lon qilingan petitsiyada nega qayta referendum o'tkazish lozim degan qarorga kelganlari tushuntiriladi.

Onlayn-petitsiya mualliflariga ko'ra, ovoz berganlarning foizi jami ovoz berish huquqiga ega shaxslarning 75 foizidan kam bo'lsa va “ha” yoki “yo'q” deb ovoz berganlarning umumiy foizi 60 foizdan kamni tashkil qilgan bo'lsa, takroriy referendum tashkillashtirilishi lozim.

Britaniya qonunchiligiga binoan, mamlakat parlamenti imzolaganlarning soni 100 mingdan ortgan har qanday petitsiyani ko'rib chiqishi shart.

Hukumatdan esa 10000 dan ortiq imzoni jamlagan petitsiyaga javob qaytarish talab qilinadi.

Change.org saytida London hokimi Sodiq Xonga murojaat qilib imzo to'plash boshlangan petitsiyaga ham 100 mingdan ortiq kishi qo'shilgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

Ular Sodiq Xondan Londonni Britaniyadan mustaqil shahar deb e'lon qilishni so'ramoqdalar.

Petitsiyachilar fikricha, ana o'shanda Londonning o'zi Ovro'po Ittifoqiga a'zo bo'lib kira oladi.

23 iyun kuni Buyuk Britaniyada mamlakatning OIga a'zoligiga bag'ishlangan referendum bo'lib o'tdi.

24 iyun tongida e'lon qilingan referendum natijalariga ko'ra, ishtirokchilarning 52 foizi Britaniyaning Ovro'po Ittifoqidan chiqishini yoqlab ovoz bergan.

Britaniyaliklarni OI tarkibida qolishga da'vat qilib kelgan Bosh vazir Devid Kemeron o'z lavozimidan uch oy ichida ketishini e'lon qildi.

Bu xabarlar jahon bozorlarida taloto'pga olib keldi.

Britaniya pul birligi - funt sterlingning qiymati tushib ketdi.

Ko'plab ekspertlarning fikricha, referendum natijasi Britaniyada inqiroz yuzaga kelishi va Ovro'po Ittifoqi iqtisodida jiddiy pasayishga etaklaydi.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг

Бу мавзуда батафсилроқ