Rossiya va Turkiya prezidentlari yakkama-yakka uchrashishga kelishganlar

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo'g'on telefon orqali so'zlashganlar. Bu Rossiya harbiy uchog'i urib tushirilishi va ikki mamlakat munosabatlari yomonlashishidan buyon rahbarlarning ilk yakkama-yakka muloqoti bo'lgan.

Turkiya prezidentining rasmiy veb-saytida e'lon qilingan xabarga ko'ra, ikki prezident telefon so'zlashuvi payti yuzma-yuz uchrashishga kelishib olganlar.

Bundan oldin Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Prezident Putin Prezident Erdo'g'on bilan telefon muloqotida Istanbulning Otaturk xalqaro aeroportiga qilingan va 40 dan ortiq inson umriga zomin bo'lgan hujumni qoralagani haqida xabar qilgan edi.

So'zlashuv payti Prezident Putin, Rossiya hukumati Turkiya hukumati bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini qayta tiklash maqsadida muzokaralarini boshlaydi, deb va'da bergan.

Rossiya o'z sayyohlari tomonidan Turkiyaga safar qilishi yo'lida kiritilgan cheklovlarni olib tashlashni rejalashtirayotgani ham xabar qilingan.

"Turkiya hukumatining Turkiya hududida Rossiya fuqarolarining xavfsizligini ta'minlash yo'lida qo'shimcha qadamlarni qo'yishi" maqsadga muvofiq bo'lishi ta'kidlangan Kreml e'lon qilgan bayonotda.

Rossiya va Turkiya munosabatlari 2015 yil noyabrida yomonlashdi.

Bunga Turkiyaning Suriyadagi harbiy havo hujumlarida qatnashayotgan Rossiyaning Su-24 harbiy uchog'ini urib tushirgani sabab bo'ldi.

Turkiya tarafiga ko'ra, Rossiya uchog'i Turkiyaning havo hududini buzib kirgan va Rossiya uchuvchisi ogohlantirishlarga hech qanday eavob bermagan.

Rossiya Mudofaa vazirligi esa o'zining qiruvchi uchog'i Suriya hududidan chetga chiqmaganini aytgan.

Ushbu hodisani Prezident Putin "orqaga urilgan pichoq" deb ta'rifladi.

Turkiya meva-sabzavotining Rossiyaga olib kiritilishiga taqiq kiritildi.

Shuningdek, Rossiya sayyohlarining Turkiya sohillarida dam olishlari ham taqiqlandi.

Rossiyadagi qurilishlarda band bo'lgan Turkiya qurilish shirkatlarining faoliyati ham cheklandi.

Rossiya Prezident Erdo'g'onning urib tushirilgan uchoq uchun rasman kechirim so'rashini talab qildi.

27 iyun kuni Prezident Erdo'g'onning Prezident Putinga maktub yo'llagani ma'lum bo'ldi.

Bu maktubda Turkiya prezidentining rossiyalik uchuvchi o'limidan afsusda ekani yozilgani xabar qilindi.

Prezident Putin matbuot kotibi Dmitriy Peskov so'zlariga ko'ra, Prezident Erdo'g'on rossiyalik uchuvchi o'limi uchun Prezident Putindan kechirim so'ragan.

Rossiya tarafi uchuvchi o'limida ayblanayotgan Turkiya fuqarosiga nisbatan tergov "ob'ektiv" olib borilishiga umid bildirgan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Бу мавзуда батафсилроқ