Rossiyaning yangi aksilterror qonuni iftorlikni taqiqlaydimi?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Rossiya parlamentining yuqori palatasi - Federatsiya Kengashi muhokamasi payti "Yarovaya qonuni" deb mashhurlashgan aksilterror qonunini ma'qullagan.

Endi bu qonunni Prezident Putin imzolashi talab qilinadi.

Parlament quyi palatasi - Davlat Dumasining deputati Irina Yarovaya va senator Viktor Ozerov tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasini Rossiya senatorlarining 151 nafari ma'qullab ovoz bergan.

Bu o'zgarishlar kuchga kirishi bilan Rossiyaning Jinoyat Kodeksi, Ma'muriy Javobgarlik Kodeksi va qator qonunlarida choralar qattiqlashadi.

Xususan, terrorizmda ayblangan, xorijiy mamlakat armiyasida xizmat qilgan insonlarni Rossiya fuqaroligidan mahrum etish osonlashadi.

Terrorizm, ekstremizm bandlarida ayblangan yoki taqiqlangan tashkilotlarga aloqasi bor deb ko'rilgan insonlarning mamlakat hududiga kirishi, harakatlanishini cheklash uchun mas'ul idoralarga ko'proq vakolat beriladi.

Bu o'zgarishlar messenjerlar orqali yuborilgan xat-xabarlarni ochib o'qish, xotirada saqlab qolish majburiyatini mobil aloqa shirkatlari, Internet provayderlariga yuklaydi.

Qonunda yozilishicha, messenjerlar orqali yuborilgan matnlar 6 oygacha, Internet orqali yuborilgan ma'lumotlar esa 3 yilgacha saqlanishi shart.

Kuchishlatar tizimlari xohlagan paytida bu ma'lumotlarni ochib o'qishga imkonli bo'lishadi.

Jinoyat Kodeksiga yangi ikki band qo'shilgan: ular "Jinoyat haqida xabar bermaslik", "xalqaro terrorizm amali" degan bandlar.

Rossiyaning diniy erkinlikka bag'ishlangan qonuniga "missionerlik faoliyati" deb nomlangan yangi bob kiritilgan.

Bundan keyin masjiddan tashqaridagi yoki Internetdagi diniy targ'ibot ham missionerlik faoliyati deb tushuniladi.

Agar diniy marosim bo'lmayotgan bo'lsa, aholi yashash joylarida missionerlik faoliyatini yuritish taqiqlnadi.

Missionerlardan ruxsat beruvchi hujjatga ega bo'lish talab etiladi.

Ushbu tartiblarni buzgan kishiga 1 million rublgacha jarima, xorijiy missionerga ko'proq jazo chorasi qo'llanishi mumkin.

Bir kun oldin Tataristonning sobiq prezidenti Mintemir Shaymiev Federatsiya Kengashidagi tataristonlik senatorlarni "Yarovaya qonuni"ni ma'qullamaslikka chaqirdi.

Mintemir Shaymiev dindorlardan ko'plab savollar kelib tushganini, qonunda ko'plab chalkash joylar borligini aytgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

"Bu qonun shoshma-shosharlik bilan qabul qilingan. Bu haqda allaqachon jamiyatda gapirishmoqda," deb aytgan Tataristonning sobiq prezidenti.

U, xususan, maxsus mo'ljallanmagan joyda missionerlik faoliyati bilan shug'ullanish taqiqlanadi, degan bandga norozilik bildirgan.

"Unda uyda iftorlikni qanday o'tkazish kerak? Yoki nikoh o'qish uchun yoki marhum vafotidan 40 kun o'tib uning duoi-fotihasiga mehmonlarni chaqirishuchun nima qilish kerak?", deb aytgan Mintemir Shaymiev.

Lekin qonun loyihasi 24 iyun kuni Gosduma tarafidan, 29 iyun kuni Federatsiya Kengashi tomonidan ma'qullandi.

Prezident Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov, aksilterror qonunlarni imzolab kuchga kirgizishdan oldin jamiyatda bu o'zgarishlar borasida bildirilgan tanqidiy fikrlar inobatga olinadi, deb aytgan.

  • Би-би-си Ўзбек хизмати билан Whatsapp, Telegram ва Viber орқали боғланишни истасангиз, телефонимиз:+44 78-58-86-00-02
  • ТЕЛЕГРАМДА ЭСА каналимиз - https://telegram.me/bbcuzbek
  • Instagram - BBC UZBEK
  • Twitter - BBC UZBEK
  • Odnoklassniki - BBC UZBEK
  • Facebook - BBC UZBEK
  • Google+BBC UZBEK
  • YouTube - BBCUZBEK (https://www.youtube.com/user/bbcuzbek)
  • Skype - uzbekbbclondon
  • bbcuzbek.comга тўсиқ бўлса, uzbekweb.netга киринг.

Бу мавзуда батафсилроқ